ANDIJONDA 938 TA SAYLOV UCHASTKASI TUZILDI

23.08.2024

240

msk_yangiliklari_in

Bugun Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

 

Yig‘ilishni  viloyat hududiy saylov kommissiyasi raisi B.Rasulov boshqarib bordi. Saylov uchastkalarining joylashuvi yuzasidan shahar va tuman hokimliklarining taqdimnomalariga asosan viloyatda 938 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Saylov uchastkalarining tartib raqamlari, chegaralari, manzillari ro‘yxati tasdiqlandi.

 

 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 10-moddasida saylov uchastkalarini tuzish tartibi va normasi hamda kodeksning 20-moddasida Hududiy saylov komissiyasiga saylov uchastkalarini tuzish, okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilash, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qilish, saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor qilish vakolati yuklatilgan.

 

Shuningdek, Saylov uchastkalari uchun aholi vakillariga qulay bo‘lgan binolar tanlab olingan bo‘lib, ularning 664 tasi umumta’lim maktablarida, 56 tasi kasb-hunar kollejlari, litsey va texnikumlarda, 11 tasi oliy ta’lim muassasalarida, 34 tasi madaniyat va sport inshootlarida, 7 tasi harbiy qismlarda, 6 tasi adliya va davlat xizmatlari markazlarida, 63 tasi tibbiyot va dam olish maskanlari, sanatoriylarda, 32 tasi tadbirkorlik subyektlarida, 23 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 42 tasi boshqa binolarda joylashgan.

 

 

Saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining, harbiy qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish muassasalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Saylov uchastkalari qoida tariqasida saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tashkil etiladi. 

 

!Eslatib o‘tamiz, Saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlari saylovi uchun yagona hisoblanadi.

 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur