BU YILGI SAYLOVLARDA BYULLETENLARNING SHAKLI QANDAY BO‘LADI?

16.09.2024

211

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli, matni va tasnifi tasdiqlandi.

 

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, byulletenlar mutlaqo yangi shaklda bo‘lib, ixchamligi bilan chop etish xarajatlarini kamida 3 milliard so‘mgacha iqtisod qilish imkonini beradi.

 

Saylov byulletenlarning ixcham va turli ranglarda chop etilishi hisobiga uchastka saylov komissiyalarining ovozlarni sanab chiqishdagi vaqtini bir soatgacha, butun respublika bo‘yicha esa kamida 11 ming soatgacha tejash imkonini beradi.

 

27-oktyabr - ovoz berish kunida saylovchilarga 4 ta saylov byulleteni beriladi.

 

Birinchisi och ko‘k rangdagi bo‘lib, unda Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar;

 

ikkinchisi och yashil rangli bo‘lib, unda Qonunchilik palatasi say lovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar nomi;

 

uchinchisi och sariq rangda bo‘lib, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar;

 

to‘rtinchisi och kulrang bo‘lib, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi. 

 

Saylov byulletenida deputatlikka nomzodlarning familiyasi, ismi otasining ismi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida beriladi.

 

Siyosiy partiyalar kiritilgan byulletenda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi bilan birga ramziy belgisi ko‘rsatiladi. Va partiyalar saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.

 

Saylov byulletenlari tegishli hududdagi saylovchilar sonini inobatga olgan holda chop etiladi va saylov uchastkalariga yetkaziladi.

 

Umidaxon AHMEDOVA,

Andijon viloyati

hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur