TASHKILOTCHI HAM SAYLOVCHI HAM SIYOSIY VA HUQUQIY JIHATDAN BILIMLI BO‘LISHI ZARUR

16.09.2024

160

msk_yangiliklari_in

Shu yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga saylovlar yurtimiz tarixida, uning taraqqiyoti, buguni va ertasi uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega siyosiy tadbirdir.

 

Shu ma’noda, har bir fuqaro bu jarayonga katta mas’uliyat bilan yondashib, siyosiy saviyasi hamda huquqiy madaniyatini namoyish etgan holda ovoz berishi zarurat hisoblanadi.

 

Viloyat hududiy saylov komissiyasining  10-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan

 

navbatdagi yig‘ilishida uchastka saylov komissiyasi a’zolarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Unga muvofiq 938 ta uchastka saylov komissiyalarining jami 10 ming 241 nafar a’zosi taqdimnomaga asosan tasdiqlandi.

 

Shuni alohida qayd etish lozim, uchastka saylov komissiyalari a’zolari tarkibini shakllantirishda tavsiya etilgan nomzodlarning yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotli, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida tajribaga ega ekanligi va gender tengligiga alohida e’tibor qaratildi.

 

A’zolarning 7 ming 347 nafari, ya’ni 72 foizi avval saylov hamda referendum uchastkalarida faoliyat ko‘rsatgan fuqarolardir.

 

Sifat tarkibiga kelsak, uchastka saylov komissiyalari a’zolari muayyan sohada o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan kishilar safidan tanlandi. Shu bilan birga el-yurt orasida e’tibor qozongan, huquqiy jihatdan bilimli, nutqi ravon bo‘lishligiga ahamiyat berildi. O‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, nogironligi bor fuqarolar a’zo sifatida ish olib borishmoqda.

 

Tayyorgarlikning barcha bosqichida xotin-qizlar yuksak faollikni namoyish etayotgani quvonarlidir. Fidoyi, tashabbuskor opa-singillarimiz iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlanishning muhim masalalarini hal qilishda astoydil ishtirok etishyapti. Buni uchastka saylov komissiyalarida faoliyat yuritayotgan 6 ming 85 (59 foiz) nafar a’zolar ayollar ekanligida ham ko‘rinadi.  Ularning aksariyati aholi, ayniqsa, yoshlar orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan, ovoz berishda har bir saylovchi ishtirokining muhimligini tushuntira oladigan ta’lim tizimi xodimlaridir. Shuningdek, 423 ta uchastkaga ayollar raislik qilishmoqda.

 

Ayni kunlarda saylov uchastkasi komissiyalarining raislari, rais o‘rinbosarlari hamda kotiblari Markaziy saylov komissiyasi konsepsiyasi asosida katta tajribaga ega, malakali ekspertlar boshchiligida qonunchik me’yorlari va jarayonda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini oshirmoqdalar.

 

Chunki mamlakatimizda saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Saylov kodeksi bilan tartibga solingan. Muhim siyosiy jarayonning har bir bosqichi saylov komissiyasi a’zolariga ham saylovchiga ham katta mas’uliyat yuklaydi va faollik talab etadi.

 

O‘quv treninglarda ishtirokchilar aralash saylov tizimi qanday tartibda o‘tkaziladi, ushbu muhim jarayonda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida yetarlicha ma’lumotlarga ega bo‘lishmoqda.  Bu bilim va ko‘nikmalar saylovlarni milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar asosida, yuqori darajada tashkil etilishi va o‘tishiga zamin yaratdi.

 

Yana bir jihat, tashkil etilgan jami 938 ta saylov uchastkasi aholi uchun qulay hududlarda bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Aksariyati, xalq ta’limi muassasalari binosida faoliyat ko‘rsatayotir. Qolganlari oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, tibbiyot muassasalari, tashkilotlar hamda harbiy qismlardagi binolarda joylashgan.

 

Barcha uchastka saylov komissiyalari sohaga oid qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlandi.

 

Bu amaliy harakatlarning, tadbirlarning barchasi saylovlarni uyushqoqlik va yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan. Mamlakatimiz taraqqiyotiga, ertangi kuniga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgan xalqimiz siyosiy kampaniyada o‘z tanlovini bildiradi.

 

Zero, saylanajak deputatlar, u qaysi darajadagi xalq vakillari bo‘lmasin, jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevorni mustahkamlashga xizmat qiluvchi katta kuchdir.

 

Baxtiyor RASULOV,

Andijon viloyati

hududiy saylov komissiyasi raisi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur