Viloyat hududiy saylov komissiyasi brifing o‘tkazdi

14.10.2024

101

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlarga tayyorgarlik, uni o‘tkazish masalalari bo‘yicha Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi.

 

Brifingda viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Baxtiyorjon Rasulov quyidagilarni ma’lum qildi:  

 

– Andijon viloyat hududiy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 26-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan kalendar reja asosida olib bormoqda.  

 

Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasi tomonidan viloyatda qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha belgilangan tartiblar asosida ishlar olib borilmoqda.  

 

Jumladan, Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 10-avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha 7 ta bir mandatli saylov okruglari tashkil etildi, 5 ta siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan 35 nafar deputatlikka nomzod ro‘yxatga olindi. Ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlarning “E-saylov” axborot tizimi orqali kiritgan arizalariga muvofiq ularning ishonchli vakillari ro‘yxatga olinib, tegishli guvohnomalar taqdim etildi.  

 

Shuningdek, Andijon viloyati hududida 14 ta tuman, 2 ta shahar komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va 316 nafar a’zodan iborat tuman, shahar saylov komissiyalari tuzilib, ularning tarkibi, joylashgan hududi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hududiy saylov komissiyasi veb-sahifasi hamda OAVlarida e’lon qilindi.  

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejaning 7-bandiga muvofiq, jami 495 nafar a’zodan iborat 55 ta okrug saylov komissiyasi tuzilib, ularning tarkibi va joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilindi.  

 

Saylov Kodeksining 10-moddasiga asosan, saylovga kamida 60 kun qolgunicha bo‘lgan muddatda, ya’ni 2024-yilning 22-avgustidan tumanlar va shaharlar hokimliklari taqdimnomasiga binoan Andijon viloyati hududi bo‘yicha jami 938 ta saylov uchastkalari tuzildi, ularning tartib raqami belgilandi, chegaralari va manzili ko‘rsatilgan ma’lumotlar tegishli tartibda e’lon qilindi.  

 

Kalendar rejaning 7-bandiga muvofiq, saylovga kamida 40 kun qolganida, ya’ni joriy yil 16-sentyabr kuni 938 ta saylov uchastkasida faoliyat ko‘rsatish uchun 10 ming 293 nafar a’zodan iborat uchastka saylov komissiyalari tuzilib, ularning tarkibi, telefon raqamlari, joylashgan yeri, ovoz berish binosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hududiy saylov komissiyasining veb sahifasida e’lon qilindi.  

 

Saylovga kamida 35 kun qolganida, ya’ni joriy yilning 19-sentyabrda Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputatligiga 275 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.  

 

Saylovlarga tayyorgarlik jarayonida 6 nafar respublika va 83 nafar viloyat treneri tomonidan joriy yilning 2-14-oktyabr kunlari viloyatdagi 938 ta saylov uchastkasi komissiyalari a’zolari uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.  

 

Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasi Matbuot markazi tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida saylov kompaniyasi boshlanganidan buyon Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasining rasmiy telegramm kanali, ommaviy axborot vositalari orqali 100 ga yaqin axborot va maqolalar e’lon qilindi, ko‘rsatuv, munozara, debatlar namoyish etildi.  

 

Ayni kunda barcha saylov komissiyalarida saylovchilarning yakuniy ro‘yxatini shakllantirish, saylov uchastkalarini ovoz berish uchun jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.    

 

Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi, tuman va shahar kengashi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlari namunaga muvofiq tayyorlandi va belgilangan tartibda muddatidan oldin ovoz berishda foydalanish uchun byulletenlarning 10 foizini uchastka saylov komissiyalariga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.  

 

Ta’kidlash kerakki, “E-saylov” axborot tizimining joriy etilishi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazilishini tashkil etish borasidagi ishlarni samarali olib borishda katta qulaylik yaratmoqda. Avvalambor, ushbu tizim o‘zaro tezkor ma’lumot almashish imkonini  bermoqda. Endilikda mas’ul va mutasaddilarning asosiy e’tibori  texnik ishlarni bekamu ko‘st yakuniga yetkazish, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining bilim va malakalarini oshirish, saylov uchastkalarini jihozlash va yuzaga kelgan muammolarni hal etishga qaratilmoqda.  

 

Bir so‘z bilan aytganda, viloyat hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof va qonunchiligimizda belgilangan tartiblar asosida o‘tkazilishini ta’minlash uchun zarur barcha ishlar olib borilmoqda.  

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur